BADIIY MATNDA “GO‘ZALLIK” TUSHUNCHASINING GENDER XUSUSIYАTLARI

Библиографическое описание
Маруфова З.Н. BADIIY MATNDA “GO‘ZALLIK” TUSHUNCHASINING GENDER XUSUSIYАTLARI / З.Н. Маруфова // Культурология, искусствоведение и филология: современные взгляды и научные исследования: сб. ст. по материалам LXX Международной научно-практической конференции «Культурология, искусствоведение и филология: современные взгляды и научные исследования». – № 3(63). – М., Изд. «Интернаука», 2023. DOI:10.32743/25419870.2023.3.63.353900

BADIIY MATNDA “GO‘ZALLIK” TUSHUNCHASINING GENDER XUSUSIYATLARI

Marufova Zulfiya Nabiyevna

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti,

O‘zbekiston, Toshkent

 

LINGUOPOETIC INTERPRETATION OF THE CONCEPT OF “BEAUTY” AND THE EXPRESSION OF THE GENDER STANDARD IN IT

Zulfiya Marufova

Doctor of Philosophy in Philological Sciences (PhD), Acting Associate Professor Tashkent State Pedagogical University named after Nizami,

Uzbekistan, Tashkent

 

ЛИНГВОПОЭТИЧЕСКАЯ ИНТЕРПРЕТАЦИЯ ПОНЯТИЯ "КРАСОТА" И ВЫРАЖЕНИЕ В НЕМ ГЕНДЕРНОГО ЭТАЛОНА

Маруфова Зулфия Набиевна

доктор философии по филологическим наукам (PhD), и.о.доцента Ташкентского государственного педагогического университета имени Низами,

Узбекистан, г.Ташкент

 

ANNOTATSIYA

maqolada “Go‘zallik” konseptining badiiy asarlardagi talqini, bu mavzuda tilshunoslar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, go‘zallik ifodasida gender xoslanganlik masalasi o‘zbek badiiy yozma adabiyoti misolida tahlilga tortiladi.

АННОТАЦИЯ

V state rassmatrivayutsya traktovka ponyatiya «krasota» v proizvedeniyax iskusstva, issledovaniya, provedennыe lingvistami po dannoy teme. Problema gendernoy identichnosti v vыrajenii krasotы takje analiziruetsya na primere uzbekskoy xudojestvennoy literaturы.

ABSTRACT

The article examines the interpretation of the concept of "beauty" in works of art, research conducted by linguists on this topic. The problem of gender identity in the expression of beauty is also analyzed using the example of Uzbek fiction.

 

Kalit so‘zlar: go‘zallik, gender, andaza, milliy-estetik baho, verballashuv, etalon, konseptualizatsiya, ideal.

Keywords: beauty, gender, pattern, national-aesthetic assessment, verbalization, standard, conceptualization, ideal.

Ключевые слова: красота, пол, образы, национально-эстетическая оценка, вербализация, эталон, концептуализация, идеал.

 

Asrlar davomida insoniyatning moddiy talablar bilan bir qatorda ma’naviy ehtiyojlarini qondiruvchi omillarning turli ko‘rinishlari paydo bo‘la borgan. Insoniy tuyg‘ular idroki va ularga munosabat mushtarak bo‘lsa-da, har bir millatning ma’naviy-madaniy darajasidan kelib chiqqan holda o‘ziga xos milliy-estetik didi, dunyoqarashlari, atrof-olamdagi yaratiqlarga bo‘lgan munosabati, orzulari, tasavvur va talablari shakllangan. Shunga muvofiq ravishda ularni baholovchi mezonlar vujudga kelib, milliy-madaniy standartlar majmuasi qat’iylasha borgan. Shu sababli bir xalq uchun go‘zal hisoblangan sifatlar boshqa halq uchun mutlaqo qimmatga ega bo‘lmasligi mumkin. Ya’ni “go‘zallik” konseptining mazmuni umumbashariy qarashlar bilan bir qatorda etnomadaniy xususiyatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Go‘zallik - ob’ektdagi aspektlar uyg‘unligini va mukammalligi ifodalovchi estetik kategoriya bo‘lib, insonga ijobiy emotsiya, zavq berishi bilan xarakterlidir. Go‘zal narsalarni idrok etish hayrat va quvonch bag‘ishlaydi, shaxsning uyg‘un rivojlanishiga, unda eng yaxshi insoniy xislatlar tarkib topishiga ko‘maklashadi. Dunyo tilshunosligida “Go‘zallik” konseptiga bag‘ishlangan tadqiqotlarda, asosan, tabiat go‘zalligi, ayol go‘zalligi erkakka xos go‘zallik belgilari, bolalar go‘zalligining lisoniy ifodasi haqida so‘z boradi. Rus tilshunosi A. B.Molchanova L.Pasternak ijodidagi go‘zallikning badiiy konsepsiyasini tahlil qilar ekan, adib uchun  tabiiy go‘zallik va ijod mahsuli (san’at asari) bo‘lgan go‘zallik o‘rtasidagi farq ahamiyatli ekanligini ta’kidlaydi [5,7]. K.V.Sboroshenko zamonaviy poeziyada “go‘zallik” konseptining metaforik reprezentatsiyasi haqida so‘z yuritadi va she’riy matnlarda ideallashtirilgan mukammal ob’ektlarni ikki tematik guruhga ajratadi: inson (ayol, erkak, bola) go‘zalligi va tabiat go‘zalligi (manzara, jonivorlar, tabiat hodisalari, yil fasllari). Go‘zallik idealizatsiyasining asosini esa ayol go‘zalligi bilan bog‘liq modellar tashkil etishini qayd etadi [8,17]. I.Okuneva o‘z tadqiqotida rus va ingliz tillaridagi “go‘zallik” konseptining namoyon bo‘lishi haqida so‘z yuritib, har ikkala tilda hm ayol, erkak va bola, shuningdek, tabiat, san’at asarlari go‘zalligi bilan bog‘liq tahlillarni keltiradi. Har ikki tilda ham ayol go‘zalligini verballashtiruvchi detallar boshqalariga nisbatan ko‘proq ekanligi leksik-semantik, frazeologik, metaforik reprezentatsiyalar misolida dalillanadi. M.V.Zimina o‘z nomzodlik dissertatsiyasida amerika xalqi tilidagi “go‘zallik” konseptining ifodalanishi haqida fikr yuritib,  “o‘tkazilgan tahlillar natijasiga ko‘ra eng go‘zal deb tan olinganlar ichida ayollar va bolalar go‘zalligi birinchi o‘rinda turishi”ni yozadi [3,54]. N.Boymatovaning ishida tojik va ingliz tillaridagi “go‘zallik” konseptining semantik maydoni tahlilga tortiladi. Har ikkala tildagi go‘zallikni voqelantiruvchi antroponimlar tasniflanib, ikki millatga mansub go‘zallik belgilari ayollar misolida qiyoslanadi. Ingliz tilida ichki, ma’naviy barkamollikning ahamiyati kattaroq ekanligi aniqlanadi [2]. N.K.Boymatova tojik va ingliz lingvokulturasida go‘zallik konsepti semantik maydonlarini qiyoslar ekan, ayol go‘zalligining g‘arb va sharqqa xos  mezonlarini tahlilga tortadi.

Sharq poetik olamida “go‘zallik” tushunchasi ortida, avvalo, ayol siymosi gavdalanadi. Z.Baynazarov o‘zbek tilida go‘zallik tushunchasining ifodasida ayol timsoli ustuvorligini quyidagicha izohlaydi: “Qadimgi turkiy til uchun go‘zallik tushunchasi, avvalambor, “ayol” konsepti bilan bog‘liq, undan keyingi o‘rinlarda “tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalarning, inson faoliyatining kishida mehr-muhabbat, quvonch, zavq tuyg‘ulari uyg‘otuvchi xususiyatlarini ifodalashi” tushuniladi... Qadimgi turkiy xalqlarda “go‘zallik” tushunchasining ayollarga nisbat berilgani eski turk ko‘k Tangri dinida maxsus go‘zallik ma’budalari mavjudligi va ular go‘zal, qahramon, uddaburon, sarishta ayollar qiyofasida tasavvur etilgani kuzatiladi. Islomgacha bo‘lgan turkiylarning dini va mifologiyasidagi mavjud go‘zallik ma’budalari juda go‘zal ayollar va go‘zallik timsoli bo‘lgan hayvonlar (qushlar) timsolida tasvirlanish bilan birga, ularning ham jisman, ham ma’nan go‘zalligining tildagi qarshiligi “ko‘rkli” va “ko‘rklilik” (“görklü”, “görklülük”) so‘zlari bilan ifodalangan. Eski turklarda ayolga “ko‘rkli” (go‘zal) deyish bilan uning jismoniy go‘zalligi, avlod-ajdodining ulug‘ligi, insoniy fazilatlari va Tangriga bo‘lgan yuksak e’tiqodi ham nazarda tutilgan” [2, 19].

Demak, aytish mumkinki, barcha xalqlarga xos bo‘lgan go‘zallik talqinida Ayol siymosi yetakchi o‘rin tutadi. Har qanday tilda “go‘zallik” konseptining leksik-semantik tarkibiga kiruvchi “zavq beruvchi”, “hayratga soluvchi”, “benuqson”, “o‘ziga tortuvchi”, “yoqimli” singari universal semalar insoniyatning estetik madaniyatini bir nuqtada birlashtiruvchi konseptosentrik maydonni hosil qiladi va bu maydonning markazida ayol obrazi bilan bog‘liq estetik baho mezonlari turadi.

O‘zbek mumtoz badiiy matnlarida voqelangan “go‘zallik” konseptinig mazmuniy strukturasida, shuningdek, erkak go‘zalligining ham gender stereotiplari shakllangan bo‘lib,  ularda jismoniy sifatlar bilan bog‘liq umumbashariy mezonlardan tashqari tashqi ko‘rinish, xulq-atvor, ichki sifatlarning milliy xususiyatlari o‘z aksini topgan.

Erkaklar ta’rifida Rustami doston, Alpomish singari afsonaviy timsollar bilan qiyoslanuvchi estetik baho ifodalari orqali, asosan, jismoniy sifatlar ifoda etiladi. “Erkaklar go‘zalligi funksionallik kasb etib ularning baquvvatligi, bo‘yining balandligi alohida e’tiborga olingan” [7,19]. Yozma manbalarda jismoniy baquvvatlikdan tashqari ichki sifatlarga ham e’tibor qaratiladi. “Erkaklarning gender andazalari shakllanishida quyidagi fazilatlar katta o‘rin tutadi: sadoqat, tartib-intizomlilik, mardlik, jasorat, iroda kuchi, aql-zakovat va jamiyatdagi ijtimoiy mavqe: yelkasi (yoki kifti) yerga tegmagan polvon; knight without Fear and without Reproach – qo‘rquv bilmaydigan olijanob odam” [6,16]. Erkak jinsidagi odamlarga nisbatan qo‘llaniladigan “polvon” leksemasi “lingvokulturema sifatida o‘zbek xalqiga xos «alp qomat», «keng yelka», «baquvvatlik» belgilarini ifoda etadi” [4,15]. Ularda baquvvat jism, kuch-qudrat, bahodirlik, vafodorlik va mardlik sifatlari mujassam bo‘ladi. Turkiy xalqlardagi erkak go‘zalligining lingvopoetik talqini ildizlari V-VII asrlardagi qadimiy yodgorliklarga borib taqaladi. Ikkinchi turk xoqonligi hukm surgan (taxminan 712-716 yoki 720-726 yillar) vaqtda toshga bitilgan bu yozuvlarda sarkarda To‘nyuquqning yovqur, bahodir qiyofasi tasvir etilgan. Jismonan baquvvat, mohir jangchi bo‘lishdan tashqari, uning ma’naviy qiyofasi ham haqiqiy erkak qiyofasiga namuna bo‘la oladi: el orasida hurmat-obro‘si baland, hatto qo‘shni qabila va elatlarda ham nomi mashhur. “To‘nyuquq o‘z hayotini xalqi himoyasi, turkiylar saltanatining mustahkamlanishiga bag‘ishlagan yuksak aqlu zakovat va harbiy salohiyat egasi. O‘z davrining bilimdon, dono davlat arbobi, mohir sarkardasi. Qattiqqo‘l, shiddati baland va tajribali vatan himoyachisi, shuningdek, o‘z davrining bilimdon kishisi” [1].

 Shuningdek, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida keltirilgan Alp Er To‘nga siymosida ham turkiy qavmning haqiqiy mard va bahodir erkagi sifatlari mujassam. “Alp Er To‘nga (arslon, sher, yo‘rbars)ga tenglashtirilgan jangchi, turkiylar davlatining asoschisi. Maday bahodir ayyorlikni bilmaydigan to‘g‘ri so‘zli sodda va ishonuvchan farzand edi... yengilmas sarkarda bo‘lib yetishganda ham shundayligicha qoldi. Buyuk sarkarda o‘z dushmanlari va itoat etmagan qabilalarga nisbatan shafqatsiz, biroq do‘stlari va o‘z fuqarosiga nisbatan saxiy va mard xoqon edi”[1].

Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni qahramoni komil inson timsoli. Navoiy uning tashqi sifatlari bilan bir qatorda ichki go‘zalligiga, ma’naviy dunyosiga ham urg‘u beradi, Farhodning jismonan mukammalligi (10 yoshida 20 yoshar yigitning kuch-quvvati bo‘ladi; suvda suzish, chavandozlik, qilichbozlikda mahoratli bo‘lib yetishadi, harbiy san’atni egallaydi) ma’naviyatining benuqsonligi (ilohiyot, riyoziyot, tabiiyot, falsafa va boshqa fanlar bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘ladi; turkiy xalqlarga xos dunyoqarashni, urf-odat va davlatchilik an’analarini,  shuningdek, Qur’oni karimni puxta o‘rganadi; me’morlik va naqqoshlik, tosh yo‘nish hunarlarini o‘rganadi; go‘zallikni sevadi) bilan uyg‘unlashib ketadi. Navoiyshunos olim A.Hayitmetov Farhod obrazining xususiyatlarini fransuz tarixiy adabiyotidagi ritsarlar obrazi bilan taqqoslaydi. Fransuz ritsarlari mardlik va harbiy mohirlikdan tashqari nazokatli, san’atsevar va madaniyatli kishilar qilib tasvirlanadi. Olim bu holatni “Qahramonlik idealiga boshqa ideal – estetik ideal qo‘shilmoqda edi” deya izohlaydi [10].

Zamonaviy badiiy matnlarda etalon erkak sifatlariga tashqi ko‘rinishning batafsil tasviri qo‘shiladi. Ko‘pgina xalqlar lingvomadaniyatida salbiy yuk tashuvchi qora rang sharqona go‘zallik talqinida ko‘z, qosh, kiprik, soch ta’rifida ijobiylik kasb etadi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani qahramoni Otabek “og‘ir tabiatlik, ulug‘ gavdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit”.  Undagi jismoniy go‘zallik tabiatidagi ijobiy xislatlar – mardlik, to‘g‘rilik, halollik, vafodorlik, chiroyli xulq bilan uyg‘unlashadi. B.Qodirova “go‘zal” so‘zining ma’nodoshi bo‘lmish “suluv” leksemasi til tarixining ma’lum bir davrlarida “suluk” shaklida yigitlarga nisbatan ham ishlatilganini ta’kidlaydi:”Qayg‘irma, Oftob, – dedi, kuyaving bunchalik suluk bo‘lsa, gap-so‘zda tengi bo‘lmasa,...(O‘K, 48). Hozirda esa semantik torayish natijasida gender xoslanishga uchragan. Ya’ni faqat ayol kishiga  nisbatan ishlatiladi. Bu holatni sohibjamol so‘zi misolida ham kuzatish mumkin. “Majolisun-nafois”da Mavlono Moniyning tashqi ko‘rinishi uning ichki dunyosi bilan mutanosib ekanini sohibjamol va zarif so‘zi orqali ta’riflaydi: Mavlono Moniy...sohibjamol va zarif va ra’no yigitdur. Bu o‘rinda o‘zbek tili belgi bildiruvchi leksemalaridagi gender xoslanish semantik torayish omili sifatida maydonga chiqadi. Muallif Sohibjamol va zarif semantik qatorida kelayotgan ra’no leksemasi ham sifatlovchi vazifada kelgani, hozirgi o‘zbek tilida mazkur leksema semantikasida shaxs belgi-xususiyatini ifodalash semasi iste’moldan chiqqanini ta’kidlaydi.   Bu xususiyat turkiy tillarga, xususan, o‘zbek tiliga xos lingvistik jarayondir” [4,14-15]. Sohibjamol so‘zi ham ma’lum davrda gender jihatdan farqlanmagan, har ikki jins vakillarini sifatlab kelgan. Demak, badiiy matnlarda voqelantirilgan erkak go‘zalligining o‘zbekona etaloni baquvvat, bahodir, kelishgan, qora qosh, qora ko‘z kabi tashqi ko‘rinish go‘zalligi bilan mard, jasur, vafodor, aqlli singari ichki sifatlar mutanosibligidan iborat.

 

Adabiyotlar ro’yxati:

  1. Baynazarov Z. M.Koshg‘ariyning “Devonu lug„atit turk” asarida ifodalangan bolalar dunyosining lisoniy manzarasi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati Samarqand – 2020. -  B.19
  2. Boymatova N.K. Semanticheskoe pole konsepta «Krasota» v tadjikskoy i angliyskoy lingvokulturax. Avtoreferat diss.na soisk.kand.fil.nauk. Dushanbe –2019
  3. Зимина М.В.Спесифика представления консептов Беаутй, Ҳоме, Фреедом в американской языковой картине мира.  Диссертатсия на соискание ученой степени кандидата филол. Наук. Нижний Новгород, 2018. -  С.54
  4. Kadirova B.R. Belgi bildiruvchi leksemalarning lingvokulturologik xususiyatlari.Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. Toshkent – 2019 B. - 15-16
  5. Молчанова А. В. Художественная консепсия красоты в творчестве Б. Пастернака: дис. … канд. филол. наук. – Казан, 2010. -  С.7
  6. Nasrullaeva N.Z.Ingliz va o‘zbek tillarida olamning frazeologik manzarasida gender konseptlarining shakllanishi. Filologiya fan.doktori diss.avtoreferati(DcS).Toshkent, 2018. – B.16
  7. Rahmatova M.M.Ingliz, o‘zbek va tojik milliy madaniyatida “Go‘zallik” konseptining lisoniy xususiyatlari. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi. Buxoro-2019
  8. Сборошенко К.В. Метафорическая репрезентатсия консепта «Красота» в современной поезии. Автореферат дисс. на соискание ученой степени кандидата филол. наук. Челябинск, 2009. - С.8
  9. Sulaymonova N.J.Olam lisoniy manzarasining baholi shakllanishi. Xorijiy filologiya №2, 2021. - B.18
  10. Abdullaeva X. Mardlik, jasorat va or-nomus. http://qashqadaryogz.uz/read/mardlik-zhasorat-va-or-nomus
  11. Shomurodova M. Navoiy dostonlarida yoshlar obrazi (Farhod obrazi misolida) https://fanvatalim.uz/uz/article/66/