TILDA FRAZEOLOGIK BIRLIK TUSHUNCHASI VA UNING TASNIFIY NEGIZLARI

Опубликовано в журнале: Научный журнал «Интернаука» № 14(190)
Рубрика журнала: 18. Филология
DOI статьи: 10.32743/26870142.2021.14.190.262229
Библиографическое описание
Farxodova M.Q. TILDA FRAZEOLOGIK BIRLIK TUSHUNCHASI VA UNING TASNIFIY NEGIZLARI // Интернаука: электрон. научн. журн. 2021. № 14(190). URL: https://internauka.org/journal/science/internauka/190 (дата обращения: 22.12.2024). DOI:10.32743/26870142.2021.14.190.262229

TILDA FRAZEOLOGIK BIRLIK TUSHUNCHASI VA UNING TASNIFIY NEGIZLARI

Farxodova Maftuna Qudrat qizi

Urganch Davlat Universiteti fransuz tili ta’lim yo'nalishi talabasi,

O'zbekiston, Urganch

 

ANNOTATSIYA

Ushbu maqolada frazeologiya birliklarining qo'llanishi va leksik-semantik kategoriyalar, leksik-semantik sath tilning bir biri bilan uzviy bog'liqligi haqida muhokama qilinadi.

ABSTRACT

This article discusses the use of phraseological units and lexical-semantic categories, the lexical-semantic level is inextricably linked with each other.

 

Kalit so'zlar: Joylashuv frazeologikasi, leksik-semantik, semasiologiya, leksik tizim, mikrostruktura, paradigma.

Keywords: Locution phraséologique, leksik-semantik, semasiologiya, leksik sistema, mikrostruktura, paradigma.

 

Frazeologiya so’zi grekcha phrasis so’zidan olingan bo’lib, ibora, nutq qurilmasi degan ma’noni anglatadi. Bu so’z ikki xil ma’noni anglatadi. Birinchisi tilshunoslikning turg’un birikmalar, ya’ni frazeologik birliklarni o’rganuvchi ma’lum bir qatlami, ikkinchisi esa frazeologik birliklar majmuini ifodalash uchun xizmat qiluvchi atamadir. Frazeologik birlik atamasi tilshunoslikka birinchi bo’lib V.V.Vinogradov tomonidan kiritilgan. Frazeologik birlik va frazeologiya atamalari bilan bir qatorda idioma va idiomatika atamasi ham qo’llanadi. Biroq fransuz frazeologiyasida Frazeologik birlik atamasi o’rniga locution atamasi ishlatiladi. Ammo ushbu atamaning qo’llanishi keng qamrovli bo’lganligi sababli uni frazeologiyaning asosiy atamasi sifatida talqin qilish noo’rin. Negaki, bu atama fransuz tilidagi barcha iboralarni, frazeologik va nofrazeologik birliklarni ham o’z ichiga oladi. Ushbu atamadan tashqari, fransuz frazeologiyasida locution figée, expression idiomatique, idiotisme kabi atamalar ham keng tarzda qo’llanadi. Shuningdek, locution phraséologique atamasi ham mavjud bo’lib, u fransuz frazeologiyasiga Sh.Balli tomonidan kiritilgan, biroq u ham keng tarzda qo’llanilish xususiyatiga ega emas.

Leksik–semantik sath tilning bir–biri bilan uzviy bog’liq bo’lgan ikki katta bo’limini o’z ichiga oladi. Bular leksikologiya (grekcha lexikos – so’zga oid va logos – o’rganish) va semasiologiya. O’rganadigan materialiga ko’ra leksikologiya ikkiga bo’linadi: xususiy leksikologiya, ya’ni u yoki bu til leksikologiyasi (masalan, fransuz, o’zbek, rus, nemis va boshqa tillar leksikologiyasi) va umumiy leksikologiya. Umumiy leksikologiya barcha tillarga tegishli muammolarni o’z ichiga oladi va turli xil til materiallariga e’tibor qaratadi. Umumiy va xususiy leksikologiya bilan bir qatorda qiyosiy va solishtirma (kontrastiv) leksikologiya ham mavjud. Qiyosiy leksikologiya birinchi navbatda qardosh tillarning o’xshash tomonlarini, solishtirma leksikologiya esa nafaqat qardosh tillar, balki qardosh bo’lmagan tillardagi o’xshash va mos tomonlarni o’rganadi.

So’zning leksik ma’nosi bilan bog’liq bo’lgan keng muammolar ko’lamini semasiologiya predmeti o’z ichiga oladi. «Semasiologiya» atamasi grekcha semacia – ma’no va logos – o’rganish so’zlaridan tashkil topgan. Ba’zi hollarda grekcha semaino – ifodalayman degan ma’noni anglatadi.

«Semasiologiya» atamasiga sinonim sifatida «semantika» atamasi ham ishlatiladi. So’z ma’nosiz umuman mavjud bo’lmasligi kabi leksikologiya va semantika ham bir–birlarisiz mavjud bo’lmaydi.

Leksikologiya tilning butun lug’at tarkibini o’rganadi. U leksika tarkibidagi tarixiy o’zgarishlarni aniqlaydi, aniq tamoyillar asosida boshqa tillardan o’zlashtirilgan so’zlar, arxaizmlar, neologizmlar, badiiy til leksikasi, jargonli, hududiy, shevaga xos terminologik, mutaxassislikka oid va boshqa leksik jihatdan bo’lingan so’zlarning turli xil leksik kategoriyalari va turlarini ko’rib chiqadi.

Semasiologiya leksik birliklarning ma’noviy tomonini o’rganadi va u leksik ma’no tabiati, turlari, so’z ma’nosining rivojlanish qonuniyatlari, so’z ma’nosi o’zgarishining turli xil tasniflashga doir muammolarini hal etadi. XIX asr an’anaviy tilshunosligida semasiologik tadqiqotlarning asosiy vazifasi alohida so’z va FBlarga xos semantik o’zgarishning turlarini va kelib chiqish sabablarini tadqiq qilishdan iborat edi. Til lug’at tarkibini sistema sifatida o’rganish va tildagi alohida ma’noli elementlarning o’zaro bog’liqligini o’rganish XX asr boshlarida til tarixidagi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.

Leksik–semantik sath leksik birliklarga xos ma’noviy munosabatlarning barcha qirralarini, ulardagi xilma–xillikning o’ziga xosligini, ularning bir–biri bilan va tildan boshqa mayda sistema elementlari bilan bo’lgan o’zaro aloqadorligini (leksik paradigmatika), so’zga xos belgilarning semantik xilma–xilligini tilga xos tarzda ifodalashning shart va shakllarini (leksik sintagmatika) o’z ichiga oladi.

O’z nomidan, ya’ni «leksik–semantik» atamasidan ko’rinib turibdiki, u sistemaning ikki xil tabiatini o’rganadi. Birinchidan, leksik semantika tilning semantik sarhadlarida grammatik semantikadan farq qiladi. Ikkinchidan, ushbu sistema yordamida so’z semantikasining lug’at elementi sifatida bo’linishi yuz beradi.

Shuning uchun ham leksik–semantik kategoriyalar ikki xil bo’lishi mumkin. Birinchisi ko’p ma’noli so’zlarning leksik–semantik guruhini aks ettirib, tilda semantik variantlar ko’rinishida namoyon bo’ladi. Ularning har biri o’z ma’nolariga ega (leksemalar kabi). Leksemalarning nutqda amalga oshishidagi birliklar so’z ishlatish va leksam deb ham ataladi. Bu yerda leks – nutq birliklarining belgilari asosida analogiya bo’yicha tashkil topgan atama (ya’ni morf (morfema) va fon (fonema) kabi). So’zning til birligi va nutq birligi sifatida qarama–qarshi qo’yilishi boshqa atamalar bilan ham berilishi mumkin, masalan, so’z–leksema va so’z-bo’lak. A.I.Smirniskiy ularni leksik–semantik variantlar (LSV) deb ataydi.1 Boshqacha qilib aytganda, biz so’zlarning har bir aktda qo’llanish jarayonida uning aktual (nutqiy) ahamiyatiga e’tibor qilamiz. G. Paul so’zning butun mazmunini va ahamiyatini ular ishtirok etadigan alohida aktlarda terminologik jihatdan farqlab berdi, ya’ni birinchisini uzual, ikkinchisini esa okkazional ma’no deb nomlaydi.2

Leksik–semantik kategoriyaning ikkinchi turi ma’lum bir so’zning ma’nolar majmuini emas, balki bir necha so’zlardan tashkil topgan so’zlar guruhining ma’nolarini aks ettiradi. So’zlarni alohida guruhlarga ajratish va tasvirlash, so’zlarning mikrostruktura va paradigmalari, ularni tasniflovchi belgilar, alohida paradigmalarda so’zlar o’rtasidagi ichki aloqaning o’rnatilishi va so’zlarning boshqa so’z guruhlari bilan bo’lgan aloqalari leksik–semantik sistemaning umumiy tadqiqot muammolari tarkibiga kiradi va uning asosiy hal qiluv vazifalaridan birini tashkil etadi.

Yuqorida aytilgan fikrlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, tilga xos har qanday belgi, masalan, so’z yoki FBlar ikki tomonlama mohiyatga ega, ya’ni material qiyofa birligi va mazmun birligi. Bular borliqning ma’lum bir parchasini aks ettirgan holda mustahkamlanadi va bir vaqtning o’zida tilning boshqa elementlari bilan bo’lgan turli xil munosabatlardan o’rin oladi. «So’z, deb yozadi V.V.Vinogradov, borliqdagi predmet va hodisalarning turli xil tomonlarini umumiy jihatdan aks ettirgan holda ularning real aloqalari boshqa so’zlar bilan bo’lgan aloqalariga mos keladi va turli xil predmetli–ma’noviy hamda stilistik guruhlarda ular bilan aloqa o’rnatadi». U bu haqdagi fikrini yana shunday davom ettiradi: «So’zning leksik ma’nosi nafaqat uning berilgan tushunchaga mos kelishiga bog’liq, balki til sistemasining o’ziga xos xususiyatlariga va so’z turkumlari qonuniyatlariga aloqadorligi bilan ham bog’liq bo’lib, bu holat til sistemasida so’zlarning emotsional va ekspressiv bo’yoqlari orqali konkret leksik aloqalar bilan aniqlanadi».1

 

Adabiyotlar ro’yxati:

  1. Назарян А.Г.Фразеология современного французкого языка. ВШ, 1987.-288с
  2. Насруллаева Н.З. Фразеологическая образность как объект перевода//Таржима назарияси ва муаммолари. – Тошкент: УзДЖТУ, 2006. – С. 85-86
  3. Рахматуллаев Ш. Ўзбек тилининг фразеологик луғати. Тошкент – 1992, -378 б.